- Bosh sahifa
- Loyihalarimiz
- Webster universiteti
- Qabul talablari
Toshkentdagi Webster universiteti
Qabul talablari
Bakalavriatga qabul jarayoni
Muvofiqligingizni tekshiring
Webster Tashkent’ga bakalavriat uchun ariza topshirish uchun sizga quyidagilar kerak:
- Oʻrta taʼlimni tamomlash: litsey, maktab yoki kollejni (Oʻzbekistondagi ixtisoslashtirilgan oʻrta maxsus taʼlim muassasasini) bitirish.
- Oʻrtacha ball (GPA) 2.5 (4.0 tizimida) ekanini koʻrsatish.
- Ingliz tilini IELTS 5.5 yoki undan yuqori darajada bilishni koʻrsatish (ESL sharti bilan)
Har bir abituriyent ingliz tilida oʻqitiladigan Webster dasturini oʻzlashtira olishini koʻrsatishi kerak. Ingliz tili talablariga javob bermagan abituriyentlar ingliz tilini ikkinchi til sifatida oʻrganuvchi (ESL) talabalar sifatida shartli ravishda qabul qilinishi mumkin.
ESL kurslari birinchi ikki semestr davomida oʻtiladi. Bu darslar talabalarning akademik ingliz tili koʻnikmalarini oshirish uchun qoʻshimcha toʻlovsiz taqdim etiladi. Darslar talaba yoʻnalishiga oid boshqa fanlar bilan bir vaqtda oʻtiladi va tanlov fanlari sifatida darajaga hisoblanadi.
Webster muvofiqlik talablariga javob beradigan barcha mamlakatlar fuqarolaridan arizalarni qabul qiladi.
Eslatma: Webster universiteti bakalavriat dasturlariga ariza topshirish uchun muayyan bosqichlar va talablarni belgilaydi. Qisqacha tavsiflar quyida keltirilgan, ammo boʻlajak talabalar qabul qoidalarining toʻliq matni bilan tanishishlari lozim.
Sanalar va muddatlarni koʻrib chiqing
Bakalavriatga ariza topshirish muddatlari
| Qabul davrlari: | Darslar boshlanish sanasi: | Oʻzbekiston talabalari uchun ariza muddati: | Xorijiy talabalar uchun ariza muddati: |
|---|---|---|---|
| Kuz 2025 | 2025-yil 18-avgust | 2025-yil 31-iyul | 2025-yil 31-iyul |
Hujjatlaringizni tayyorlang
Maktabni tamomlaganlik toʻgʻrisidagi hujjat
Har bir abituriyent oʻrta maktabni tamomlaganini tasdiqlovchi hujjatni, masalan, attestat yoki diplomni taqdim etishi kerak. Webster universitetining bakalavriatiga qabul qilish uchun koʻrib chiqiladigan abituriyentlar Webster universiteti tomonidan tan olingan akkreditatsiyadan oʻtgan taʼlim muassasasida oʻrta taʼlimni tamomlagan va dasturning barcha qabul talablariga javob bergan boʻlishi kerak. Toʻliq qabul uchun abituriyentlarning oʻrtacha bali (GPA) 2.5 (4.0 tizimida) boʻlishi lozim.
Transkript
Har bir abituriyent oʻrta maktabdagi baholarni koʻrsatuvchi rasmiy yakuniy hujjatni (transkript) taqdim etishi kerak. Attestat olganlar boshqa hech narsa taqdim etmasliklari mumkin, chunki bu hujjatda ularning baholari mavjud.
Agar siz hali maktabda oʻqiyotgan boʻlsangiz, 10- va 11-sinflardagi baholaringiz transkriptini taqdim etishingiz mumkin. Siz dastlabki qabul qarorini olasiz. Yakuniy transkriptingizni olganimizdan soʻng qabul qarorini dastlabkidan toʻliqqa oʻzgartiramiz.
Ingliz tilini bilishni tasdiqlovchi hujjat
Biz bir nechta ingliz tili testlari natijalarini qabul qilamiz, jumladan:
- IELTS: kamida 6.0 ball (ESL Bridge dasturini tamomlash sharti bilan qabul uchun 5.5)
- TOEFL iBT: kamida 80 ball (ESL Bridge dasturini tamomlash sharti bilan qabul uchun 69–79)
- Duolingo: kamida 120 ball (ESL Bridge dasturini tamomlash sharti bilan qabul uchun 100)
- SAT: “Evidence-Based Reading and Writing” boʻlimida kamida 450 ball
- iTEP: kamida 3.7 ball (ESL Bridge dasturini tamomlash sharti bilan qabul uchun 3.5–3.6)
- Pearson (PTE): kamida 53 ball
- LanguageCert: kamida C1 darajasi
Pasport yoki ID-karta
Qabul hujjatlaringizni toʻldirish uchun pasportingizning shaxsiy maʼlumotlar sahifasi yoki ID-kartangizning ikkala tomonining skanerlangan nusxasi ham talab qilinadi.
Hujjatlar tili
Barcha hujjatlar ingliz tilida boʻlishi kerak. Agar hujjatlar asli ingliz tilida boʻlmasa, notarial tasdiqlangan tarjimasini oling va asl nusxa hamda tarjimaning skanerlangan nusxalarini taqdim eting.
Oʻqishni koʻchirish
Agar hozirgi universitetingizdan Webster Tashkent’ga oʻtishni istasangiz, universitetdagi eng soʻnggi baholaringizni va maktab hujjatlaringizni taqdim eting. Eʼtibor bering, qarorlar har bir holat boʻyicha alohida qabul qilinadi.
Ariza va hujjatlaringizni yuboring
Toshkentdagi Webster universitetiga barcha arizalar onlayn topshiriladi.Ariza topshirish uchun shu yerni bosing.
Ariza va hujjatlaringizni onlayn tizim orqali olganimizdan soʻng nomzodingizni koʻrib chiqish va qarorni elektron pochta orqali yuborish odatda 2–3 hafta davom etadi.
Ariza qabul qilinganda abituriyentlarga tasdiqlovchi xat yuborilmaydi. Webster arizangizni olganini tekshirmoqchi boʻlsangiz, Qabul boʻlimiga xat yozing yoki qoʻngʻiroq qiling.
Oʻqishga kirishni tasdiqlang
Abituriyent qabul qilingach, birinchi semestr uchun oʻqish toʻlovini toʻlashi talab qilinadi.
Toʻlovning 50 foizi Universitetga oʻqishga kirish niyatini tasdiqlaydi. Darslarga yozilish faqat talabaning oʻqish toʻlovi qabul qilingandan keyin yakunlanadi. Talabalarga oʻzlari xohlagan semestrda oʻqish imkoniyatini kafolatlash uchun toʻlovni imkon qadar tezroq, 31-iyulgacha amalga oshirish tavsiya etiladi.
Tanishuv dasturida qatnashing
Talabalar darslar boshlanishidan oldingi haftalarda Webster’ning birinchi kurs talabalari uchun tanishuv dasturiga kelishni rejalashtirishlari kerak.
Tanishuv dasturi yangi talabalarga — birinchi kurs va oʻqishni koʻchirgan talabalarga — Webster qoidalari, siyosati, xizmatlari, talabalar hayoti, unda qanday ishtirok etish va boshqalar haqida bilib olish imkonini beradi. Tanishuvda qatnashish majburiy. Mashgʻulotlar darslar boshlanishidan oldin tashkil etiladi va talabalar elektron pochta orqali taklif qilinadi, shuning uchun pochtangizni muntazam tekshirib turing.
Tabriklaymiz! Endi siz Gorloksiz — xalqaro hamjamiyatimizga xush kelibsiz!
Magistraturaga qabul jarayoni
Muvofiqligingizni tekshiring
Toshkentdagi Webster universiteti magistratura dasturlariga arizalarni qabul qilmoqda.
WUT magistraturasiga ariza topshirish uchun sizga quyidagilar kerak:
- Bakalavriatni tamomlash: universitet yoki institutni bitirish.
- Bakalavriatdagi oʻrtacha ball (GPA) 2.5 (4.0 tizimida) ekanini koʻrsatish.
- MA TESOL, MA EDIN, MHA va MBA uchun ingliz tilini IELTS 6.0 yoki undan yuqori darajada bilishni koʻrsatish.
Webster universiteti magistratura dasturlari uchun guruhlarga asoslangan davrlar tizimidan foydalanadi. Bu boʻlajak talabalar yil davomida turli vaqtlarda, oʻzlari uchun eng qulay sanani tanlab, oʻqishni boshlashlari mumkinligini anglatadi. Batafsil maʼlumot uchun quyidagi jadvallarga qarang. Qiziqsangiz, batafsil maʼlumot olish uchun biz bilan bogʻlaning. Shuningdek, darslarni boshlamoqchi boʻlgan sanani koʻrsatib, shunchaki elektron ariza topshirishingiz mumkin.
Webster muvofiqlik talablariga javob beradigan barcha mamlakatlar fuqarolaridan arizalarni qabul qiladi.
Eslatma: Webster universiteti magistratura dasturlariga ariza topshirish uchun muayyan bosqichlar va talablarni belgilaydi. Qisqacha tavsiflar quyida keltirilgan, ammo boʻlajak talabalar qabul qoidalarining toʻliq matni bilan tanishishlari lozim.
Sanalar va muddatlarni koʻrib chiqing
Ariza topshirish muddatlari
| Darslar boshlanish sanasi: | Oʻzbekiston talabalari uchun ariza muddati: | Xorijiy talabalar uchun ariza muddati: |
|---|---|---|
| 2025-yil 11-avgust | 2025-yil 31-iyul | 2025-yil 31-iyul |
Hujjatlaringizni tayyorlang
Universitetni tamomlaganlik toʻgʻrisidagi hujjat
Har bir abituriyent universitetni tamomlaganini tasdiqlovchi hujjatni, masalan, diplomni taqdim etishi kerak. Davlat granti asosida oʻqigan va diplomi berilmaganlar universitetni tamomlaganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani (koʻchirma) taqdim etishlari mumkin.
Webster universiteti magistraturasiga qabul qilish uchun koʻrib chiqiladigan abituriyentlar Webster universiteti tomonidan tan olingan akkreditatsiyadan oʻtgan oliy taʼlim muassasasida taʼlimni tamomlagan va dasturning barcha qabul talablariga javob bergan boʻlishi kerak. Toʻliq qabul uchun abituriyentlarning oʻrtacha bali (GPA) 2.5 (4.0 tizimida) boʻlishi lozim.
Transkript
Har bir abituriyent baholarni koʻrsatuvchi rasmiy yakuniy hujjatni (transkript) taqdim etishi kerak.
Ingliz tilini bilishni tasdiqlovchi hujjat
Biz bir nechta ingliz tili testlari natijalarini qabul qilamiz, jumladan:
- IELTS: kamida 6.0 ball
- TOEFL iBT: kamida 80 ball
- Duolingo: kamida 120 ball
- Pearson (PTE): kamida 53 ball
- LanguageCert: kamida C1 darajasi
- iTEP: kamida 3.7 ball
Taʼlim ingliz tilida olib boriladigan universitetda bakalavr darajasini olgan abituriyentlar ingliz tili talabidan ozod qilinishi mumkin. Bunga haqli ekaningizni bilish uchun Qabul jamoamizga murojaat qiling.
Pasport yoki ID-karta
Qabul hujjatlaringizni toʻldirish uchun pasportingizning shaxsiy maʼlumotlar sahifasi yoki ID-kartangizning ikkala tomonining skanerlangan nusxasi ham talab qilinadi.
Hujjatlar tili
Barcha hujjatlar ingliz tilida boʻlishi kerak. Agar hujjatlar asli ingliz tilida boʻlmasa, notarial tasdiqlangan tarjimasini oling va asl nusxa hamda tarjimaning skanerlangan nusxalarini taqdim eting.
Ariza va hujjatlaringizni yuboring
Toshkentdagi Webster universitetiga barcha arizalar onlayn topshiriladi.Ariza topshirish uchun shu yerni bosing.
Ariza va hujjatlaringizni onlayn tizim orqali olganimizdan soʻng nomzodingizni koʻrib chiqish va qarorni elektron pochta orqali yuborish odatda 2–3 hafta davom etadi.
Ariza qabul qilinganda abituriyentlarga tasdiqlovchi xat yuborilmaydi. Webster arizangizni olganini tekshirmoqchi boʻlsangiz, Qabul boʻlimiga xat yozing yoki qoʻngʻiroq qiling.
Oʻqishga kirishni tasdiqlang
Abituriyent qabul qilingach, birinchi davr uchun oʻqish toʻlovini toʻlashi talab qilinadi.
Birinchi davr uchun toʻlov Universitetga oʻqishga kirish niyatini tasdiqlaydi. Darslarga yozilish faqat talabaning oʻqish toʻlovi qabul qilingandan keyin yakunlanadi. Talabalarga oʻzlari xohlagan semestrda oʻqish imkoniyatini kafolatlash uchun toʻlovni imkon qadar tezroq amalga oshirish tavsiya etiladi.
Tanishuv dasturida qatnashing
Talabalar darslar boshlanishidan oldingi haftalarda Webster tanishuv dasturiga kelishni rejalashtirishlari kerak.
Tanishuv dasturi yangi talabalarga Webster qoidalari, siyosati va texnologiyalari haqida bilib olish imkonini beradi. Magistratura talabalariga unda qatnashish qatʼiy tavsiya etiladi, chunki ular materiallarni oʻqish va topshiriqlarni yuborish uchun onlayn tizimlarimizdan faol foydalanadilar.
Tabriklaymiz! Endi siz Gorloksiz — xalqaro hamjamiyatimizga xush kelibsiz!
Biz bilan bogʻlaning
Elektron pochta
Istalgan vaqtda bizga xat yozing, imkon qadar tezroq javob beramiz.
Qoʻngʻiroq
Qabul boʻlimi dushanbadan jumagacha soat 9:00 dan 18:00 gacha qoʻngʻiroqlarga javob beradi
Telegram’da
Oʻzingizga mos Amerika diplomini toping
Tengsiz akademik tarmoq
Talabalarimiz uch qitʼa va dunyoning koʻplab mamlakatlarini qamrab olgan global yoʻnaltirilgan oʻquv dasturidan foydalanadi.
Hayotingiz va maqsadlaringizga qaysi dastur eng mos kelishini bilish uchun Qabul xodimlarimiz bilan bogʻlaning.

